Penza delegatsiyasining navbatdagi tashrif manzili “Buxoro Agroklaster” tizimidagi “Buxoro Agroklaster DZZ” korxonasi bo‘ldi.
Delegatsiya a’zolari bu yerdagi ish jarayoni bilan yaqindan tanishishdi.
Xususan, korxona tizimida yer maydonlari unumdorligini aniqlab beruvchi zamonaviy laboratoriya mehmonlarda katta qizqish uyg’otdi. Laboratoriya Germaniyaning zamonaviy texnologiyalari bilan jihozlangan, tuproq tarkibidagi qirqdan ortiq, suv tarkibidagi o‘nga yaqin ko‘rsatkichlarni aniqlash imkoniga ega.
Buxoro viloyati ekin maydonlarining sho‘rlanganlik darajasi boshqa hududlarga nisbatan yuqori. Hosildorlikka erishish uchun tuproq tahlili nihoyatda zarur. Bu laboratoriyada tuproqning kimyoviy tarkibi o‘rganilib, shu orqali o‘simliklarning mineral va organik o‘g‘itlarga bo‘lgan talabi aniqlanadi. Tuproq xossalari, sho‘rlanish darajasi ham chuqur o‘rganiladi. Uning natijalari asosida yerni me’yorlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘riladi.
Bu yerda shakllantirilgan ma’lumotlar korxonaning yana bir loyihasi – “Agro Smart Map Uz” platformasiga yuklab boriladi. Shu ma’lumotlar asosida yer egalari kerakli agrotexnologik tavsiyalar oladi.
Qatnashchilar laboratoriyadagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirishdi. Ularning korxona va laboratoriyaning ishlash tizimi, afzalliklari, shuningdek, “Buxoro Agroklaster”ning navbatdagi loyihalari haqida so‘zlab berildi.