Ayni kunda Vobkent tumani fermer xoʻjaliklari maydonlaridagi gʻoʻza rivoji barqaror. Mavjud 332 ta fermer xoʻjaligi joriy yilda 9 ming 70 gektar maydonda paxtaning “Buxoro-8”, “Buxoro-14” va xorijiy (Xitoy) "Chjuntay" hamda “Xin Lu Zao-57” navlarini ekib, parvarishlamoqda.
Moʻljaldagi 38 ming tonnadan ortiq xirmon uchun bahorning har bir kunidan samarali foydalanish, paxta agrotexnikasini oʻz vaqtida va sifatli amalga oshirish juda muhim.
Aytish joizki, birgina "Garden Buxoro Agroklaster" MCHJ tomonidan joriy dehqonchilik mavsumida “Qoʻngʻirot” hududida 350 gektar maydonda Xitoyning "Chjuntay-2" navli chigiti ekib parvarishlanmoqda. Mutaxassislarning fikricha, mazkur navdan oʻtgan yili har gektar yerdan 70 sentnergacha hosil olingan. Eʼtiborlisi, bu nav ekilgan maydonlarda tomchilatib sugʻorish texnologiyasi joriy qilingan. Bu ham resurs sarfini tejashga xizmat qiladi. Qolaversa, Xitoy tajribasi asosida parvarishlanayotgan paxta maydonlarida agrotexnik tadbirlar mahalliy navga nisbatan ikki baravar kam talab etiladi.
Joriy yil hosili uchun parvarishlanayotgan gʻoʻza maydonlarida agrotexnik tadbirlarni oʻz vaqtida sifatli amalga oshirish hamda “Xin Lu Zao-57” nomli Xitoy navining agrotexnikasiga doir dolzarb agrotexnik tadbirlarga bagʻishlab aynan "Garden Buxoro Agroklaster" MCHJ da viloyat oʻquv-amaliy seminari tashkil qilindi.
Qishloq xoʻjaligiga daxldor korxona-tashkilotlar masʼul mutasaddilari, tumanlar hokimlarining oʻrinbosarlari, agroklaster va fermer xoʻjaliklari rahbarlari, mexanizatorlar, taʼminotchi va xizmat koʻrsatuvchi subyektlar boshliqlari qatnashgan koʻrgazmali oʻquv-amaliy seminarini viloyat hokimining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosari Amrillo Nazarov olib bordi.
Qayd qilinganidek, viloyatda 2025-yil hosili uchun parvarish qilinayotgan gʻoʻza maydonlarida amalga oshirilayotgan, kechiktirib boʻlmas dolzarb agrotexnik tadbirlar, jumladan, yangi texnologiya va tajribalar asosida “Xin Lu Zao-57” nomli Xitoy naviga mansub paxta yetishtirishning agrotexnik talablari, bu borada borayotgan ishlarga eʼtibor qaratildi. Genetik jihatdan oʻzgartirilgan xorijiy va anʼanaviy mahalliy gʻoʻza navlarini yuqori samarador yangi intensiv usulda yetishtirish agrotexnologiyasiga doir tavsiyalar berildi.
Baʼzi maʼlumotlarga nazar solsak, ayni kunda viloyat dalalarida chigit ekilgan 85 ming gektar yalpi maydonda nihollar toʻliq unib chiqqan. Shundan 11700 gektar yerdagi, yaʼni 14 foiz dala maydonida chinbarg, 37 800 gektar yerda yoki 44,5 foiz yerda 3-4 chinbarg hamda 35500 gektarda, yaʼni 42 foiz yerda 5-6 chinbarg fazalarida rivojlanmoqda.
Shu kunlardja viloyatda mavjud 2342 ta kultivator agregati toʻliq ishga jalb qilinib, gʻoʻza qator oralariga takror kultivatsiya ishlovi berilmoqda. Ekin yerini mineral oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, chuqur yumshatish ishlari, qolaversa, yagonalash va begona oʻtdan tozalash tadbirlari davom ettirilmoqda.
Viloyat seminarida qishloq xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Askar Javodov, “Amu-Buxoro” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi boshligʻi Erkin Fayzullayev, viloyat fermerlar kengashi raisi Xurshid Boltayev, “Xin Lu Zao-57” nomli Xitoy navining viloyatimizdagi agronomlaridan biri Xi Lin Kyu, “Agrobank” viloyat filiali boshligʻi Otabek Akiyevlarning axborotlari, fikr-mulohazalari eshitildi